22.04.2025
Bola yuz tuzilishining shakllanishida ko‘krak suti bilan oziqlantirishning foydasi

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish nafaqat chaqaloqning immunitetini mustahkamlash va umumiy sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki uning yuz tuzulishi to‘g‘ri shakllanishida ham katta ahamiyatga ega.
- Jag‘lar va tishlarning rivojlanishi
Ko‘krak suti bilan oziqlantirish jarayonida chaqaloq ko‘krakni so‘rish uchun katta kuch sarflaydi. Ushbu harakatlar pastki jag‘ning rivojlanishini rag‘batlantiradi va uning to‘g‘ri o‘sishiga yordam beradi. Bu noto‘g‘ri tishlov(прикус), tishlarning zich joylashishi va boshqa ortodontik muammolarning oldini olishga yordam beradi.
- Tishlovning to‘g‘ri shakllanishi
Ko‘krak suti bilan oziqlanish paytida til, jag‘lar va og‘izdagi yumshoq to‘qimalar birgalikda ishlaydi, bu tishlovning to‘g‘ri shakllanishini ta’minlaydi. Sun’iy oziqlantirishda qo‘llaniladigan shisha va so’rg’ich bunday sharoitlarni yaratmasligi mumkin, bu esa ba’zan jag‘-tish tizimining noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi.
- Nafas yo‘llarini rag‘batlantirish
Ko‘krak suti bilan oziqlantirish chaqaloqning burun orqali nafas olish qobiliyatini yaxshilaydi. Ko‘krak so‘rayotganda bolaning og‘zi yopiq bo‘ladi va nafas olish burun orqali amalga oshadi, bu yuqori nafas yo‘llarining normal rivojlanishiga yordam beradi.
- Yuz asimmetriyasining oldini olish
Ko‘krak suti bilan oziqlantirish yuz mushaklarini bir tekisda rivojlantiradi, bu esa asimmetriya paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.
Ko‘krak suti bilan oziqlantirish — bu chaqaloqning sog‘lig‘i va tashqi qiyofasiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy va muhim jarayon. Bu kelajakda tishlov, tishlar va yuz suyaklari bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni oldini olishga yordam beradi hamda bolaga uyg‘un rivojlanish uchun mustahkam asos yaratadi.